Home  >  FAMILY  >  Ota-Onajonimiz, jannatimiz!

Ota-Onajonimiz, jannatimiz!

Otajon, og’ir, tuzalmas kasalga chalinganingizni eshitganimdan beri o’zimga joy topa olmayman. Mana tashhis qo’yganiga deyarli bir yil bo’lip qopti. Har kuni bolajonlarini quchoqlab sizni sog’inib yig’layman.

Ichimni it tirnab ketadi ba’zida. Oldingizda sevimli, hayotda suv va havodek zarur insoningiz so’lib borayotganini ko’rib qo’lingizdan hech narsa kelmasligi odamga alam qiladi. Ba’zida kechasi bilan mijja qoqmay shiftga qarab chiqaman. Nahotki tabiat qonuni shunaqa bo’lsa? Nahotki Olloh birovning suygan yorini, yoki otasini yoki o’g’lini shuncha azoblar bilan o’z oldiga olsa? Duo qilishdan, engil bo’lishini tilashdan boshqa choram yo’q bo’lsa?!

Otajonimni, Onajonimni jonimdan ortiq sevaman.

Otajon, yoshligimizni shunaqa chiroyli unutilmas qilib bergan inson! Qo’lidan kelganicha sharoit qilgan. Faqat halol edirib-kiydirgan inson bo’ladi. Ba’zida: “Ota, juda o’qimishli insonsiz, nega biror bir katta ishlarga joylashib ketmagansiz?” desam Otam: “Eh qizim, mening qizil diplom va oltin medallarim bilan juda ko’p ishlarga taklif qilishdi. Hatto Politehniki Universitetining dekani bo’lishimni so’rashdi yoki Tibbiyot Universitetida dars berishimni iltimos qilishdi. Hech qaysiga rozi bo’lmaganim sababi oddiy: u yoqda ham, bu yoqda ham pora olishga majbur bo’lardim. Shunga jonim va oromim uchun tinch joyni izlaganman.” deydi. Joningiz tinch bo’lsin, osmonim mening! Umringiz uzun bo’lsin!

Qishloqda eng ko’p kitobi bor uy – bu bizning uy bo’lardi. Ko’pchilik qo’shnilar, talabalar kelib bizlarda kitob olib ketishardi. Esimda, ukam bilan, hali harflarni tanimasligimizdan oldin har bitta kitobni olib rasmlarini tomosha qilardik. Deyarli hamma kitoblar ruschada bo’lganligi rasmlari juda qiziqtirar edi.

Hamon yodimda, 3-5 sinflar atrofida edim. Kechasi oshqozonim qattiq og’rib kasalhonaga tushib qoldim. Ertasi kuni Otajonim meni ko’rishga kelganini hamshiralar aytdi. Ko’chaga chiqsam Otam bir qo’lida bitta kitob, bir qo’lida litr qatiq, jilmayib turipti. Kitob “Gulliverning sayohatlari” edi. Shunaqa suyunib ketgan edim. Mana shu mening Otam bo’ladi. Har doim hammaga sovg’a qilib kitob ko’tarib borgan! Faqat va faqat o’qishni va izlanishni sevgan! Otam mening!

IMG_2407
OTAJON
Geschrieben von Gulshoda

Hinterlasse ein Kommentar

error: Das Speicher der Medien ist untersagt !!