Home  >  8 Mart….Mehriniso yanganing hotirasiga bag’ishlanadi

8 Mart….Mehriniso yanganing hotirasiga bag’ishlanadi

Bismillahir Rohmanir Rohim
Joyingiz Jannati bo’lsin. Olloh o‘z panohiga olgan bo’lsin!

8-mart Mehriniso-yanganing-hotirasiga.8 Mart eng chiroyli va guzal kunlardan biri hisobladi. Avvalari yoshligimizda onam ikkimizni otam va akamlar, o’zlari yasagan gullar, yoki topgan puliga sotib olgan podarkachalar bilan ko’mib tashlar edi. Bizlarda bu bayram juda nafis bayram hisoblanadi. Hamma a’lo kayfiyatda, bozorda gullar va tortlar talash….

Bundan 16 yil avval bir voqea sodir bo’ldiyu, shu kundan boshlab 8 Mart men uchun juda mayus kecha boshladi. Voqeani yozaman, balkim ancha engillashib, ko’nglim sal ko’tarilar…

Uyimizning oldida bir judayam katta tol bor. Bu tolning yoshi yuz yildan, balkim ikki yuz yildan oshgan. Shu tolga, bayram kelishidan 1-2 haftalar oldin chamasi,  har kuni kechasi boyo’g’li kelib kukulay boshladi. Katta-onam (jannati bo’lsin) bir safar menga: “Bolam, bu qush yomon qush, shu kelib kukuladimi, demak qandaydir yomonlik sodir bo’lish atrofida.” deya qo’rqitib qo’ygan edi. Men ertlabdan turib hudoga, yomonlik hech kimnikiga kelmasin deya iltijo qilaman. Kechga yaqin ukam va qo’shni bolalar bilan tolga borib tosh otib, qushni haydashga harakat qilamiz. Lekin oqshomga tomon baribir yana shu ahvol.

Kutgan bayram ham keldi. Har doimgidek ertalabdan 8 Mart kuni, shanba, yani bayram kuni hammamizning kayfiyatimiz yahshi. Ota-onam bozorlik qilishga ketishdi. Kechga onam yahshi taom va balkim orieshki, iris va patir qilmoqchi edi. Biz, bolalar, hursandgligimizdan tashqarida havo bulut, sovuqligiga qaramasdan u qo’shninikidan bu qo’shninikiga yugurar, qo’shni bolalar bilan kimning uyida qanaqa taom ekanligini aytib maqtanar edik. 
Onam menga uyni saranjom qilib yig’ishtirib qo’yishimni qattiq tayinlagan edi. Shu esimga tushdiyu, uyga yugurib qaytib yig’ishtira boshladim. Bir pasdan so’ng qo’shnimiz, Mehriniso yanganing eri, Nazar aka kelib “Yangangni ko’rmadingmi? Bolalarni uyga qamab, o’zi chiqib ketibdi. 1 soatdan beri kutaman, hech kelmaydi. Balkim silarnikidami deb o’ylagan edim.” dedi. Men esa ishimdan bo’shamay, “Yo’q, bugun ko’rganim yo’q. Balkim bayramga u bu narsa olgani boshqa qo’shninikiga ketgandir.” dedim.


 

Mehriniso yanga va Nazar akalar bizning yon qo’shnimiz edi. Mehriniso yanga, yuzlari dumaloq, qorachaden kelgan kelinchak. Udek mehribon, mayus ayolni hech uchratmaganman. Esimni taniymanki, shu qo’shni bizlarning yonimizda yashashadi. 3 ta bir biridan shirin qizlari bor, o’g’li yo’q, shu sababmi eri bilan orasida juda ko’p janjal chiqar edi.Tushga tomon Mehriniso yanga ko’zlariga yosh olib, katta-onamning (Joylari jannati bo’lsin) yoniga kelib: “Momojon, iltimos, menga duo qiling, keyingi farzandim o’g’il bo’lsin. Erim meni qo’ymayapti. Bugun ertalabdan yana ichib kelib meni do’pposladi.” deya dardini to’kar edi. Shu gaplarni eshitib, erini ko’rishga umuman ko’zim bo’lmagan. Shu darajada yomon ko’rib qolgan edim. Katta-onam bo’lsa dalda berib, dou qilib, sabr tilar edi. Mehriniso yanga dardini to’kib, ancha engillashib uyiga qaytib ketar edi. Har ikki kun orasi shu ahvol. Bechora hayotdan ham ezilib ketdi. Yillar o’tib, 3 ta qizidan so’ng Olloh o’g’il berdi. Hammamiz ular bilan birga hursandchiligiga sherik bo’ldik. Va nihoyat o’g’il! Hayolimda, endi eri tinch qo’ysinda, ana o’g’il ham tug’ib berdiku deya o’ylar edim.
Oradan ozgina o’tib Katta-onam qazo qildi. Olloh o’z panohiga olgan bo’lsin. Mehriniso yanga kelib biram yig’ladi. “Menga o’g’il duo qilgan momojonim. Dardimni olgan, dadrlashadiganim ediya.” deya yurak bag’rini ezib yig’lardi…
Qish ham keldi. Izg’irin, sovuq. Na gaz na chiroq yonadi. Hamma qiyin ahvolda. Yozu-kuzda hamma bor topgan va yig’ib qo’ygan narsalarini eyishadi.
Mehriniso yangalar ham qiyin ahvolda qoldi. Bazida non so’rab chiqadi, ba’zida esa shakar. Eri bo’lsa (onamdan eshitganlarim) qimor o’ynab, bor topganini yutqazadi, alamiga ichadi va hotinini uradi….Mening esa jahlim chiqadi: Nega? Ahir qo’chqordek o’g’il tug’ib bergan bo’lsa! Yana unga nima kerak?! 
Yosh bo’lganman, aqlim hali ko’ppppp narsalarga etmagan ekan.


Farhod akam tushdan so’ng uyga kelib, “Mehri yangani ko’rmadingmi? Haliyam uyiga qaytmabdi…qiziq, ertalab soat 8 dan beri chiqib ketgan ekan. 6-7 soatdan beri darak yo’q.” dedi. Mening ham ko’nglimga g’ulg’ula tusha boshladi.

Ota-onam bozordan kelishdi. Ular ham gap nimadaligini eshitib, qo’shninikiga chiqdi. Onam kelib: “Ertalab onasinikiga 2 ta issiq non va shirinlik olib borib, tabriklab, ko’p o’tira olmayman, uyga ketishim kerak deb chiqib ketgan ekan.” dedi.
Qishloqda o’zi shu, yahshi kuningni ham yomon kuningni ham hamma bilan baham ko’rib yashaysan kishi. 
Akalarim va boshqa qo’shnilar ko’chaga chiqib izlab ketishdi. Otam bo’lsa darrov shaharga, falokatga uchragan bo’lsa balkim kasalhonaga tushgandir deya kasalhonalarni surishtirishga ketdi.
Uyimizda jim-jitlik. Sukunat. Bayramdan nishona ham yo’q. Boshqa qo’shnilarnikida ham huddi shu ahvol. Qozon ham qaynamagan. Qanaqadir kun yahshi boshlanib, g’alati yakun yasamoqda.

Kechgi soat 10 larga yaqin mudhish habar keldi…… Mehriniso yanga, ko’zlari mayus, kambag’almizda deya jilmayib qo’yadigan, ko’nglida kiri yo’q, yoshgina, hali o’n gulidan bir guli ochilmagan juvon o’zini poezd tagiga tashlabdi…….
Shu satrlarni yozayabmanu, ko’zlarimga yosh kelayati….Hayot naqadar og’ir. O’sha vaqtlari o’yinqaroq bo’lganman, deyarli hech narsani tushunmaganman….Qani edi, hozirgi vaqtim yoki aqlim bo’lgandami, dalda berib, aldab-suldab bo’lsada o’zini o’ldirish fikridan qaytargan bo’larmidim….
Nahotki hayotdan shu darajada to’yib ketagn bo’lsa?! O’g’lim yo’q deya zorlanar edi, mana o’g’illi ham bo’lgan ediku?!
Demak bu fikr unda anchadan beri bo’lgan. Uyni tashlab chiqib ketishidan oldin bolalarini yuvintirib, 2-3 kunlik ovqatini tayyorlab,ularga egizib, issiq non yopib ketgan. 

Hozir o’ylab qolaman. Bilaman, hammada bo’lmasa ham ba’zi odamlarni shunaqa o’y hayol bosadi. Lekin Mehriniso yanga nahotki farzandlarini cho’miltirayotib, shu fikrdan qaytishga urinib ko’rmagan?! Yoki issiq non yopayitganida, farzandlarim esin deb ovqat tayyorlayotganida, nahotki bir zum bo’lsada boshqatdan o’ylab ko’rmagan?! Nima shu darajaga majbur qildi ekan?! Nahotki guldek farzandalini ko’zi qiydi?! Albatta uning ko’nglida, ayniqsa ohirga kunida nima kechganligi faqat o’ziga va yaratgangagina ma’lum…

Bu voqeadan oldingi yili birinchi qor yo’qdi. Bizlarda birinchi qor yoqsa, hazil qilib  qo’shnilar bilan quvlamachoq uynashadi. Kim “Birinchi qor! Menga …. sovg’a” deya o’z istagan sovg’sini aytib qochsa, shuni ikkinchisi tutishga harakat qilish kerak. Tutib olsa, qochgan kishi shu sovg’ani quvlaganga beradi. Agar quvlagan eta olmasa, demak qochgan kishining istagini bajo keltirishi lozim.
Men Mehriniso yanganikiga borib:”Birinchi qor! Menga tort!” deya qochdim. Mehriniso yanga qarab o’tirmasdan, meni yalang oyoq quvlab ketdida, ko’prik oldida tutib oldi. Sovuq, qor, u bo’lsa yalang oyoq! Rosa mazza qilib kulishdik va unga albatta tortni qachondir tayyorlab berishimni vada qildim. 
Afsuski vadam ustidan chiqa olmadim.

Yoshim ulg’ayar ekan, har yili shu kunda bir og’iz tilovat o’qib, bir zumga bo’lsada yotga olaman.

error: Das Speicher der Medien ist untersagt !!